TOShKENT, 10 noya - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish va tibbiyot sohasida olib borilgan islohotlar natijalarini tahlil qilish va istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.
Prezident Farmon va qarorlar chiqarilganiga va "shuncha imkoniyatlar yaratilganiga" qaramay, sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatida kutilgan natijalar ko‘rinmayotganini ta’kidlab o‘tgan.
"Ayniqsa, tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub o‘zgarishlarni o‘z hayotida sezayotgani yo‘q", degan Mirziyoyev.
Davlat rahbari birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy-texnika bazasi va malakali kadrlar bilan ta’minlanish darajasi talabga javob bermasligini misol keltirgan. Buning oqibatida hududlardagi bemorlar katta mablag‘ sarflab, Toshkent shahriga kelishga yoki chet davlatlarga borishga majbur bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda tibbiyot tizimidagi muammolarni vaqtida aniqlash va hal etish, buning uchun hududlardagi holatni to‘liq qayta ko‘rib chiqish, o‘rganishlarda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikadan markaziy tibbiyot muassasalarigacha qamrab olish kerakligi ta’kidlangan.
Joriy yilda tibbiyot sohasiga davlat budjetidan 2017-yilga nisbatan 40 foiz ko‘p mablag‘ ajratildi. Yig‘ilishda kelasi yil sohaga qariyb 30 foiz ko‘p mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Prezidentning yaqinda qabul qilingan "Davlat tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"i qaroriga muvofiq, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 1-dekabrdan 20 foizga, 2019-yil 1-apreldan yana 15 foizga oshiriladi.
Videoselektorda tibbiyot sohasini o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 2025-yilgacha sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya loyihasini puxta ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.