O‘zbekistonda Rossiyaning patent berish markazi ochilishi mumkin

O‘zbekistonda RFning ko‘p tarmoqli migratsiya markazi ochilishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekistonda Rossiya Federatsiyasining ko‘p tarmoqli migratsiya markazi tashkil qilinishi mumkin. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.  

O‘zbekistonda mardikorchilik, kirakashlik va uy-xizmatlari uchun patent joriy etiladi

Bu tashabbusni Moskvada o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov va Rossiya Mehnat va ijtimoiy himoya vazirining o‘rinbosari Aleksey Cherkasov muhokama qildi.

Tomonlar Toshkentda 20-dekabr kuni erishilgan kelishuvlar bo‘yicha birinchi ishchi guruhlar yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olishdi.

Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi O‘zbekiston fuqarolariga Rossiya hududida mehnat qilishga patent berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekiston aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi va Rossiya mehnat vazirligi butun Rossiya ilmiy tadqiqot instituti va Iqtisodiyot oliy maktabi o‘rtasida fuqarolarning ish stajini hisobga olish va pensiya huquqlari bo‘yicha hamkorlik bitimi loyihasi, shuningdek ikki davlat pensiya fondi o‘rtasidagi elektron baza ma’lumotlari almashinish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi ko‘p tarmoqli migratsiya markazi, shuningdek “Saxarovo” xorijiy fuqarolarni vaqtincha ushlab turish markaziga tashrif buyurgan.

Ayni damda u yerda O‘zbekistonning 170 ta fuqarosi mavjud. O‘zbekiston delegatsiyasi ular bilan suhbat o‘tkazib, yashash shart-sharoitlari bilan tanishdi.