Korrupsiya, mijozlarga qo‘pol harakatlar: yana bir avtosalon bilan kelishuv bekor qilindi

Avtomobillar hisob-kitob qilinganda omborda ortiqcha saqlanayotgan avtomobillar mavjudligi aniqlandi – deyilgan xabarda.
Sputnik

TOShKENT, 9 noya — Sputnik. “O‘zavtosanoat” AJ monitoring davomida aniqlangan qonunbuzarliklar tufayli GM Uzbekistan “Qashqadaryo Avtotexxizmat” MChJ bilan dilerlik kelishuvini bekor qildi.

Tezkor tekshiruvdan so‘ng yana bir avtosalon rahbari ishdan olindi

Xabarda aytilishicha, ushbu avtosalon faoliyati, shuningdek avtomobillar saqlanayotgan omborxonalarda aniqlangan qoidabuzarliklar kelishuv bekor qilinishiga olib keldi:

- 2018-yilning yanvar oyidan hozirgi davrga qadar GM Uzbekistan kompaniyasiga jismoniy va yuridik shaxslardan “Qashqadaryo Avtotexxizmat” MChJ dilerlik korxonasi faoliyatiga doir 420 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 117 ta murojaat dilerlik korxonasining mijozlarga nisbatan qo‘pol va haqoratomuz harakatlari va/yoki harakatsizligi bilan bog‘liq. Shuningdek 10 ta murojaatda mijozlar tomonidan “Qashqadaryo Avtotexxizmat” MChJ xodimining korrupsion harakatlariga oid dalillar keltirilgan.

- avtomobillar sotishni hisobga olishga doir hujjatlar o‘rganilganda dilerlik korxonasi va mijoz o‘rtasida imzolanmagan shartnomalar mavjudligi aniqlandi. Shuningdek shartnomalar va boshqa hujjatlar o‘rganilganda mijozlarning imzolari haqqoniy emas deb gumon qilindi. Ushbu hujjatlarning haqqoniyligini aniqlash maqsadida ekspertiza uchun tegishli idoralarga taqdim etiladi.

- avtomobili hali berilmagan 487 ta shartnomalar o‘rganilganda mijozlar imzosi bo‘lmagan 47 ta shartnoma borligi aniqlandi.

Korrupsiya va “antisanitariya”: GM Uzbekistan yana bir avtosalon bilan ishni to‘xtatdi

- dilerda mavjud avtomobillar hisob-kitob qilinganda omborda ortiqcha saqlanayotgan avtomobillar mavjudligi aniqlandi.

- avtomobilini kutayotgan ayrim xaridorlarga qo‘ng‘iroq qilinganda ularga avtomobillari salonga yetkazilganligi haqida ogohlantirilmaganliklari aniqlandi.

Bundan tashqari, ayrim xaridorlar 2018-yil 10-sentabridan 6-noyabriga qadar GM Uzbekistan aksiyasi doirasida "Spark" avtomobilini xarid qilgan xaridorlarga velosipedlar olish uchun vaucher berilmaganligi aniqlandi.

- avtosalonda call-markaz va qo‘ng‘iroq qabul qilish uchun mas’ul xodim bo‘lmagan.