Aripov Surxondaryoda yig‘ilish o‘tkazdi: hokim o‘rinbosari va prokuror lavozimdan ozod etildi

Yig‘ilishda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Oxunov va viloyat prokurori O‘ktam Saidov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Sputnik

TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov, shuningdek, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar vakillari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilish o‘tkazilgan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Aripov: jamoat ishlari uchun 714 milliard so‘m ajratilgan, biroq hokimlar bundan "bexabar"

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasida islohotlarni amalga oshirish, paxta hosilini yetishtirish va terib olishni ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlari, viloyatni 2018-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat dasturlari va eksport prognozlarining bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlari, qurilish, kommunikatsiya va kommunal sohadagi dasturlarning bajarilishi, ijtimoiy soha obyektlari va uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi holati borasidagi axborot va hisobotlar tinglangan.

Yig‘ilishda viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Oxunov va viloyat prokurori O‘ktam Saidov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, Surxandaryo viloyati prokurori etib, shu kungacha Denov tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan Ulug‘bek Qosimov tayinlandi. Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Rahmatulla Gapparov esa Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.