O‘zbekistonga yangi alifbo kerakmi - ekspert yangi loyiha bo‘yicha izoh berdi

Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruhi a’zosi, professor Saodat Muhamedova lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Sputnik lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi loyihasi bo‘yicha ekspertlar fikrlarini o‘rganmoqda.

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi loyihasi ishlab chiqildi

Hozirgi kunda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbo loyihasi jamoatchilik qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan Ishchi guruhi a’zosi, professor Saodat Muhamedova Sputnik muxbiri bilan suhbatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

“Takomillashtirilgan o‘zbek alifbo loyihasini e’lon qildik. Bu hali loyiha, taklif, hali tasdiqlangani yo‘q. Loyiha umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Endi loyiha OAVlarda, internetda muhokama bo‘ladi. Bu oxirgi qaror emas. Universitetimiz oldiga joriy alifbo va imloni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish degan vazifa qo‘yilgan. Shu vazifani 2,5 yil deganda bajardik”, - dedi Muhamedova.  

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, vazifani bajarish juda qiyin bo‘ldi, xalq fikrini o‘rganilib, universitetga 100 ortiq yozma va og‘zaki murojaatlar kelib tushdi.    

“Xalqimiz joriy alifbodagi 4 ta harfni (O‘, G‘, Sh, Ch) tovushlarini ifodalovchi harflar uchun oson va qulay harflar bilan almashtirish bo‘yicha taklif bergan”, - deydi mutaxassis.  

Saodat Muhamedovaning so‘zlariga ko‘ra,  alifboni eski holatda qoldirish kerak degan fikrlar ham bildirilgan, alifbo eskicha holatda qolish kerak degan tarafdorlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Sputnik muxbirining yangi alifbo tasdiqlanadigan bo‘lsa, ko‘p hujjatlar, masalan milliy pasportni o‘zgartirish, bu ko‘p harajatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida savolga ekspert quydagicha javob berdi:

Xalq ta’limi vaziri: O‘zbekiston lotin alifbosidan voz kechmoqchi emas

“Bu birdaniga bo‘lmaydi, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Lekin agar siz e’tibor bergan bo‘lsangiz, hozirgi kunda “O‘zbekiston” so‘zi ko‘p joylarda xato bilan yozilgan. Lotin yozuvida e’tibor bergan bo‘lsangiz, “O” va vergul belgisini pastga qarab yozishadi - bu bizada tutuq belgisi, ya’ni ruscha ayrish belgisi bildiradi. Vaholanki, apostrof tepaga qaragan bo‘lishi kerak”, - deydi Muhamedova.

Muhamedovaning fikriga ko‘ra, universitet taklifni ishlab chiqib bo‘ldi, endi bu masala bilan  vakolatli davlat organi shug‘ullanadi.

“Endi loyiha bilan vakolatli organlar shug‘ullanishadi: televideniyeda e’lon qilishadimi, referendum o‘tkaziladimi, qonunchilik palatasida ko‘rib chiqiladimi,  bu endi yuqori darajadagi hal etiladi, bu masala universitet darajasidan chiqib bo‘ldi”, - dedi mutaxassis.  

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, yangi alifboni joriy etish masalasini xalq hal qiladi. Qonunga o‘zgartirish kiritish uchun Qonunchilik palatasi Senatga taklif berishi kerak. Senat tasdiqlagandan keyin loyiha tasdiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tuzilgan ishchi guruhi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining loyihasini ishlab chiqdi.