O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari tashkil etiladi

Tematik xiyobonlar faoliyati 2018−2020 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida yo‘lga qo‘yiladi
Sputnik

TOShKENT, 5 noya - Sputnik. O‘zbekiston Hukumati mamlakatda "O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari"ni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi "Huquqiy axborot" kanali orqali xabar berildi.

Shavkat Mirziyoyev: O‘qituvchini hurmat qilmagan rahbarni men hurmat qilmayman

Qaror bilan "O‘qituvchi va murabbiylar xiyobonlari"ning konsepsiyasi tasdiqlangan. Konsepsiya xiyobonlarni rivojlantirish va uning doimiy faoliyatini tashkil etishning quyidagi asosiy yo‘nalishlarini nazarda tutadi.

Masalan: infratuzilma va moddiy-texnik bazani takomillashtirish; ta’lim va ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish;

madaniy-ma’naviy dam olish xizmatlaridan keng foydalanish; bolalar uchun ko‘ngilochar maydonchalari tashkil etish;

ajdodlar tomonidan to‘plangan tarixiy va madaniy tajriba jamiyat a’zolarining individual va umumiy rivojlanishi uchun zarur shart ekanligini jamoatchilik ongiga singdirish.

Tematik xiyobonlar faoliyati 2018−2020 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur xiyobonlarda o‘qituvchi va murabbiylarning siymosini aks ettiruvchi, ularning nufuzini oshiruvchi monumentlar, kutubxonalar, ilmiy-ma’rifiy binolar, muzeylar yoki kichik ko‘rgazma zallari va boshqa ko‘ngilochar obyektlar tashkil etiladi.

Xiyobonlarning namunaviy loyihasini ishlab chiqish Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.