O‘zbekiston va Xitoy harbiylarni tayyorlashda hamkorlikni kuchaytiradi

Xususan, ikki mamlakat tinglovchilarini masofadan turib o‘qitish va oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining ikki davlatga tashrifi davomida seminar-trening mashg‘ulotlarini olib borishi bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib olingan.
Sputnik

TOShKENT, 28 okt - Sputnik. O‘zbekiston Xitoy bilan harbiy kadrlarni tayyorlash masalasida hamkorlikni kuchaytiradi, deb xabar qilingan Mudofaa vazirligining Feysbukdagi rasmiy sahifasida.

Mirziyoyev Rossiya bilan harbiy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari - polkovnik Azizbek Ikramov boshchiligidagi harbiy delegatsiyasi Xitoyga rasmiy tashrifi davomida XXR Milliy mudofaa universiteti rahbariyati bilan uchrashib, ikki mamlakat oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib oldi.

"Mazkur hamkorlik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish kabi masalalarda sezilarli darajada oldinga siljishni ta’minlab berishi kutilmoqda", - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari o‘zbekistonlik harbiylar Pekin shahridagi Harbiy havo kuchlari akademiyasi hamda Milliy mudofaa institutida ham bo‘lgan. Xitoy oliy harbiy ta’lim muassasalari boshliqlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ikki mamlakat tinglovchilarini masofadan turib o‘qitish va oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining ikki davlatga tashrifi davomida seminar-trening mashg‘ulotlarini olib borishi bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi qator xorij mamlakatlarining oliy harbiy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Oktabr oyining o‘zida Germaniya hamda Pokiston davlatlarining oliy harbiy bilim yurtlarining professor- o‘qituvchilari O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bo‘lib, hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan maqsadli rejalarni belgilab olishgan edi.