TOShKENT, 26 okt - Sputnik. Respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz va kafolatli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan ichki iste’mol bozorining oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish darajasi oziq-ovqat resurslarini ishlab chiqarish va ishlatishning prognoz ko‘rsatkichlari orqali baholash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, qaror bilan 2018-2019 yillar qish va bahor mavsumiga:
- asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arishning umumiy prognoz hajmlari va tayyorlov tashkilotlari bo‘yicha prognoz hajmlari;
- “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi hududiy tashkilotlarining, hududiy tayyorlov tashkilotlarining asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish prognoz hajmlari;
- sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari tomonidan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini zaxiraga jamg‘arish prognoz hajmlari;
- asosiy turdagi qishlok xo‘jaligi mahsulotlarini (kartoshka, piyoz, sabzi, guruch) zaxiraga jamg‘arishning reja jadvali tasdiqlandi.
Xususan, aholini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 2018-2019 yillar qish va bahor mavsumiga 222 ming 409 tonna kartoshka, 120 ming 676 tonna piyoz, 91 ming 617 tonna sabzi, 66 ming 475 tonna guruch zaxira qilib qo‘yiladi.