"Xavfsiz shahar" konsepsiyasi endi Samarqandda ham joriy etilmoqda

Joriy yil iyul oyidan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimi - "Xavfsiz poytaxt" konsepsiyasi eksperiment tariqasida joriy etilgan edi. Endi bu tajriba Samarqandda ham amaliyotga qo‘yilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 25 okt - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 2018 yilning iyun oyida O‘zbekiston prezidenti Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi qarorni imzolagan edi.

Toshkent xavfsiz poytaxt bo‘la oladimi?

Hujjatdan xulosa qilish mumkin edi-ki, O‘zbekiston, xususan, uning poytaxti - Toshkent shahrida xavfsizlik masalasida ko‘plab davlatlarga o‘rnak bo‘layotganiga qaramay, hukumatni mavjud vaziyat to‘liq qanoatlantirmayapti.

Shuningdek, qarorda 2018 yil yakuni bo‘yicha bunday amaliyot respublikaning boshqa hududlarida joriy etilishi mumkinligi aytilgan edi.

17 oktabr kuni imzolangan qarorga ko‘ra, endilikda Samarqand shahrida ham "Xavfsiz shahar" konsepsiyasini joriy etish ko‘zda tutilgan.

"2018 yil 27-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi talablaridan kelib chiqqan holda Toshkent shahrida boshlangan jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni Samarqand shahrida ham joriy etish <...> maqsadga muvofiq deb hisoblanadi", - deyiladi viloyat hokimi tomonidan imzolangan hujjat matnida.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot-xizmati shuningdek, viloyatda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan davlat organlari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ma’lum natijalarga erishilgani haqida to‘xtalgan. 

Xususan, 2018-yilning 8 oyi davomida barcha sohalar bo‘yicha qayd etilgan jinoyatlar 3010tani tashkil etib, o‘tgan yilgi (4779) ko‘rsatkichga nisbatan 1769taga kamaygan.

Samarqand viloyatida uch oy ichida 91 kishi o‘z joniga qasd qilgan

Shundan, o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar 157ta (o‘tgan yil 205ta) bo‘lib, 48taga kamaygan. Og‘ir turdagi jinoyatlar esa 404ta qayd etilib, 146taga (505) kamaygan.

Shu bilan birga viloyatdagi 1086ta mahalladan 723tasida (66,5 %ida) 3010ta turli jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Endilikda, "Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati" deb nomlangan yangi tizimga muvofiq, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla va barcha jamoat tashkilotlari tomonidan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning sabablari hamda oqibatlari joylarda o‘rganiladi, muhokamasi tashkil etiladi, jinoyat sodir etgan shaxsla aniqlanib, ularga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi ta’minlanadi.

Shu munosabat bilan Viloyat prokurori Farhod Zufarovga, viloyat IIB rahbari Aziz Toshpo‘latovga Samarqand shahar sektori rahbarlariga Samarqand shahrida "Xavfsiz shahar" konsepsiyasini amalda tatbiq etish, bu borada sudlar, mahalliy davlat boshqaruvi idoralarining yaqin hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Samarqand viloyati iib rahbari Toshpo‘latovga ichki ishlar organlari, davlat organlari va muassasalarning axborot tizimlarini, videokuzatuv tizimlari, qonun buzilishini qayd etish tizimlari, qo‘riqlash obyektlari, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi chora ko‘rish va ogohlantirish tizimlari, shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash vazifasi yuklatilgan.

Endilikda shaharda huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va ularga chek qo‘yish maqsadida ichki ishlar organlari bo‘linmalari, birinchi navbatda, jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining patrul guruhlari hodisa sodir bo‘lgan joyga maksimal tezlikda yetib borishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Xavfsiz shahar konsepsiyasini Toshkentdan keyin Samarqandda joriy etilishining o‘ziga yarasha sababi bor.

Samarqand viloyati respublikadagi eng ko‘p o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilayotgan hududlardan biri sanaladi. 

Mazkur tadbirni joriy etishdan maqsad esa Samarqand shahrining turistik jozibadorligini oshirish va bu yerga tashrif buyuruvchi turistlar xavfsizligini to‘liq ta’minlashdan iborat.