O‘zbekiston elektr energetikasi tarmog‘i isloh qilinadi

Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha komissiya tashkil etildi.
Sputnik

TOShKENT, 24 okt - Sputnik. Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Toshkentda gaz va elektr iste’mol miqdorlari kiritilishi mumkin

Qarorga muvofiq 2018-2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va iste’molini nazorat qilishni takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Yo‘l xaritasiga asosan:

- qiymati 2,6 milliard AQSh dollari bo‘lgan umumiy quvvati 1 984 MVt ga teng 7 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi;

- yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlarini quriladi va mavjudlari rekonstruksiya qilinadi, 2 500 ta transformator punktlari o‘rnatiladi va modernizatsiya qilinadi;

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga 7 million iste’molchilar ulanadi, 2021-yil yakuniga qadar ushbu tizimga ulanish qamrovi abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkaziladi.

“Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘larining 100 million dollaridan kam bo‘lmagan qismi past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi.

Elektr sim yog‘och tarmoqlari 60 foizi eskirgan - “O‘zbekenergo” rais o‘rinbosari

Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha komissiya tashkil etildi.

Komissiyaga quyidagilar topshirildi:

- ishlab chiqarish quvvatlarini 2030-yilgacha 20 ming mVtga yetkazish bo‘yicha uzoq muddatli investitsiyaviy dasturni 2019-yil 1-mayga qadar ishlab chiqish;

- 2019-yil 1-martga qadar elektr energiyasini uzatishda davlatning to‘liq nazoratini saqlab qolgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy sxemasini ishlab chiqish yuklandi. Bunda elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash (sotish) korxonalariga xususiy hamda xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinadi, ishlab chiqaruvchi korxonalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov asosida elektr energiyasini sotib olishning ulgurji bozori bosqichma-bosqich tashkil etiladi;

- 2019-yil 1-aprelga qadar elektr energetikasi tarmog‘iga xususiy sektorni jalb qilishni rag‘batlantiruvchi, elektr energiyasining joriy va kapital xarajatlarini qoplashga asoslangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash metodologiyasini tayyorlash va tasdiqlash;

- 2019-yilda elektr energetikasi tarmog‘i korxonalarining korporativ obligatsiyalarini chiqarish va xalqaro bozorlarga joylashtirish;

- 2018-yil 1-dekabrga qadar elektr energetikasi tarmog‘ida davlat-xususiy sheriklikning normativ-huquqiy bazasi, tartib-taomillari va reglamentini ishlab chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash;

- 2018-yil 15-dekabrga qadar Energetika vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi prezidenti farmoni loyihasini ishlab chiqish.

O‘zbekistonda qancha energiya ishlab chiqarilishi ma’lum bo‘ldi

Bundan tashqari Qarorga muvofiq:

- xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida quvvati 100 mVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi;

-  “Toshkent shahridagi tarqatish tarmoqlarini uzoq muddatli ijaraga berish” loyihasi amalga oshiriladi;

- “O‘zbekgidroenergo” AJ gidroelektrstansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun to‘lov iste’molchilar – jismoniy shaxslar uchun yakuniy tarifning 85 foizi miqdorida shakllanadigan tarif bo‘yicha amalga oshirilishi belgilandi;

- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ikki oy muddatda “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” (Rossiya Federatsiyasi) Federal davlat budjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritish vazifasi yuklandi;

- Muqobil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarini yagona energetika tizimiga ulash tartibini takomilashtirish va loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi Qonun ishlab chiqiladi.