TOShKENT, 22 okt – Sputnik. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan respublikadagi tug‘ruq muassasalari rahbarlaridan 31 nafari lavozimidan ozod etildi va intizomiy choralar qo‘llanildi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, muammolarni bartaraf etishni yo‘lga qo‘yish, jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarida ijobiy ma’naviy muhitni shakllantirish, tibbiy va xo‘jalik xizmati xodimlarini o‘rnatilgan mehnat tartibiga amalga qilishga erishish, statsionar xizmat sifatini oshirish, tibbiyot maskanlarida ta’magirlik va poraxo‘rlik holatlarining oldini olish, tug‘ruq komplekslaridagi bemorlar orasida so‘rovnoma o‘tkazishni tiklash maqsadida monitoring o‘tkazish uchun ishchi guruhlar tashkil etildi.
“Ushbu ishchi guruhlar 15-oktabrdan Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tug‘ruq muassasalari, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy va Respublika perinatal markazlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinik tug‘ruq hamda 3-klinikasi ginekologiya bo‘limlari faoliyatini o‘rganishmoqda.
27 oktabrga qadar davom etadigan monitoring natijalari o‘rganilib, tahlil etiladi hamda mavjud kamchiliklar bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar belgilab olinadi”, - deyilgan xabarda.