Jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida qonunga o‘zgartishlar tayyorlandi

Xalq banki 2004-yilda qabul qilingan “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida qonun loyihasini tayyorladi.
Sputnik

TOShKENT, 19 okt – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida” Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Pensiya to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar tayyorlandi

Ushbu qonun loyihasida 2004-yil 2-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga quyidagi o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilgan:

7-moddaning oltinchi qismidagi “jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi” degan so‘zlar “jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga olinganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma” degan so‘zlar bilan almashtish.

9-modda matni quyidagi tahrirda bayon etish:

“Fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ishtirokchisi ekanligini tasdiqlovchi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga olinganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma fuqaroga shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i ochilganidan keyin Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tomonidan elektron tarzda taqdim etiladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga hisobga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomada hisobga olingan sana, fuqaroning shaxsiga oid ma’lumotlar, shu jumladan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ining tartib raqami, shuningdek boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatiladi”.

10-moddaning yettinchi qismidagi “pul qadrsizlanishiga nisbatan yuqori sur’atlardagi stavkalar bo‘yicha” degan so‘zlar “joylashtirishdan olingan daromadlar miqdoridan kelib chiqqan holda” degan so‘zlar bilan almashtirish.

15-modda matni quyidagi tahrirda bayon etish:

“Shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlari tartib raqami, familiyalar, har bir xodimning hisoblab chiqarilgan ish haqi summasi, boshqa daromadlari va jamg‘arib boriladigan pensiya badallari summasi ko‘rsatilgan xodimlar reyestrini ish beruvchi daromad solig‘i hisoblash jarayoni bilan bir vaqtning o‘zida har oyda taqdim etishi shart”.

Pensiya ta’minoti tizimi yanada takomillashtirildi

18-modda matni quyidagi tahrirda bayon etish:

“O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining qonun hujjatlarida belgilangan shaklda beradigan jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi elektron shakldagi guvohnoma bunday to‘lovlarni olish uchun asos bo‘ladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini oluvchilar mablag‘larini olish uchun Xalq bankiga murojaat etganda, Xalq bankining elektron so‘rovi orqali fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi elektron shakldagi guvohnoma olinadi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi elektron shakldagi guvohnomada jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari boshlanadigan sana ko‘rsatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi elektron shakldagi guvohnomani o‘z vaqtida berilishini ta’minlaydi”.

20-moddaning birinchi qismidagi “jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma” degan so‘zlar “jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish huquqi to‘g‘risidagi elektron shakldagi guvohnoma” degan so‘zlar bilan almashtirish.

23-moddaning ikkinchi qismidagi matni quyidagi tahrirda bayon etish:

“jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining mablag‘larini investitsiyalashdan olingan daromaddan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga tegishli operatsion xarajatlarni qoplash huquqiga ega. Marja miqdori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi”.

23-moddaning yettinchi qismidagi matni quyidagi tahrirda bayon etish:

“jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining mablag‘larini moliyaviy vositalarga joylashtirish hamda bunday mablag‘lardan investitsiya va kredit resurslari sifatida foydalanish yo‘li bilan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larning saqlanishini va ko‘paytirilishini ta’minlash”.

Qonun loyihasi 4-noyabrgacha muhokama qilinadi.