TOShKENT, 17 okt – Sputnik. Kecha, 16-oktabr kuni Termiz shahrida Afg‘oniston konsulxonasi ochildi, deb xabar qilmoqdp TIV matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Termiz shahrida mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nasir Ahmad Andishani kutib olgan.
Suhbatda O‘zbekiston va Afg‘oniston prezidentlari uchrashuvlari doirasida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarishning amaliy jihatlari hamda ikki tomon kun tartibining joriy masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy muammolar bo‘yicha fikr almashildi.
Nasir Ahmad Andisha Afg‘oniston rahbariyati nomidan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yo’lida ko‘rsatilayotgan ko‘mak hamda Termiz shahridagi Afg‘oniston Bosh konsulxonasini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar tezkor hal qilib berilgani uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorchilik izhor etdi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalari viloyat markazida Afg‘oniston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirlarda Afg‘oniston Elchisi Sayid Shahobiddin Timuriy ham ishtirok etdi.