"Nazorat va qat’iyat yo‘q": Turdimov turar-joylar qurilishida jiddiy kamchiliklarni aniqladi

Erkinjon Turdimov Samarqand viloyati IIB rahbariga qurilishi tugallangan ko‘p qavatli uylarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmasdan, fuqarolarning uylarga ko‘chib o‘tishlariga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasini yukladi
Sputnik

TOShKENT, 13 okt - Sputnik. Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida qurilishi tugallangan ko‘p qavatli turar joy binolarini foydalanishga qabul qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Abdulla Aripov Samarqandning "rus" qismida bo‘ldi va qurilishni to‘xtatishni buyurdi

Hujjatda qayd etilishicha, viloyatda keyingi yillarda qurilish industriyasi yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda, ammo shu bilan birga, viloyat qurilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari, qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi hamda sohaga mas’ul boshqa idoralar rahbarlari tomonidan nazorat susaytirib yuborilgan.

"... shahar va tumanlar hokimlarining loqaydligi oqibatida aholi punktlarini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirishda, me’moriy va tarixiy-madaniy yodgorliklarni tiklashda, ko‘p qavatli turar joy binolari, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini joylashtirish va qurishda shaharsozlik faoliyati sohasida belgilangan normalar va qoidalarning qo‘pol ravishda buzilishi hollari davom etmoqda.

Hududiy qurilish bo‘linmalari rahbarlarida qat’iyat yetishmasligi oqibatida aholi punktlarini qurish shaharsozlik va arxitektura normalari, kommunikatsiya, transport va sanitariya talablari, istiqbolli qurilish rejalari bilan mutlaqo bog‘lanmasdan amalga oshirilmoqda", - deyiladi qaror matnida.

Xususan, Samarqand shahrida 2015-2018 yillar davomida bunyod etilgan 71 ta ko‘p qavatli uylarni xatlovdan o‘tkazish natijalari bu borada ko‘plab salbiy holatlar mavjudligini ko‘rsatgan.

Ya’ni, ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishning sifat darajasi pastligi, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda nuqsonlar mavjudligi, o‘rnatilgan liftlarning ishlamasligi, hududlarda bolalar sport maydonchalari va o‘yingohlar qurilmaganligi, avtoturargohlar tashkil etilmaganligi, uylarga kuzatuv kameralari o‘rnatilmaganligi, obodonlashtirish ishlari talab darajasida bajarilmayapti.

"Bu kamchiliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmasligi, shuningdek, qurilish bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining aholi punktlarini kompleks qurish muammolarini hal qilishdan o‘zlarini chetga olishlari shahar va tumanlar qiyofasi buzilishiga, aholining haqli noroziligiga olib kelmoqda, shuningdek, viloyatga tashrif buyurayotgan mehmonlarda salbiy taassurot uyg‘otmoqda", - deb qayd etilgan qarorda.

Yangi ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar qanday taqsimlanadi

Shu munosabat bilan, viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (A.Shukurov), Samarqand shahar hokimi (F.Raximov), viloyat qurilish bosh boshqarmasi va uning Samarqand shahar bo‘linmasi hamda qurilish sohasida nazorat inspeksiyasining Samarqand shahrida shaharsozlik faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, aholi punktlarini kompleks qurishda bosh rejalarga, ayniqsa, ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha ishlari qoniqarsiz deb baholangan.

Ikki kun muddatda Samarqand shahrida 2015-2018 yillarda qurilgan 71 ta ko‘p qavatli uylarni xatlovdan o‘tkazish natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi ta’minlanishi belgilangan.

Viloyat hokimligi sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibiyati chora-tadbirlar rejasida ko‘zda tutilgan tadbirlarni bajarilishi yuzasidan monitoring yuritadi va har o‘n kunda viloyat hokimiga yozma axborot kiritib boradi.

Samarqand shahar hokimi (F.Raximov)ga shaharda 2015-2018 yillarda qurib foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uy-joylarda aniqlangan kamchiliklarni bir oy muddatda bartaraf etish choralarini ko‘rish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat hokimiga axborot berish vazifasi yuklatilgan.

Qurilishi (rekonstruksiya) tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish borasida Davlat xizmatlari markazi bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishini ta’minlanishi aytilgan.

Endilikda maxsus komissiya ko‘p qavatli turar joy binolarini foydalanishga qabul qilishda quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratadi: qurish va ta’mirlash ishlarining shaharsozlik normalari va qoidalari, zamonaviy talablar va milliy an’analarga muvofiq olib borilganligi, atrof muhitni muhofaza qilish, ekologiya xavfsizligi talablariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya etgan holda har tomonlama sifatli amalga oshirilganligi;

boy me’moriy-tarixiy merosni saqlab qolishni ta’minlash yuzasidan belgilangan tartiblarga amal qilinganligi;

Erkinjon Turdimov amaldorlarga xizmat mashinalarini boshqarishni ta’qiqladi

kommunikatsiya tarmoqlariga belgilangan tartibda to‘liq ulanganligi (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda issiqlik tarmoqlari), ularning sifati va to‘la quvvatda ishlashi; har bir kirish yo‘lagi (podyezd)ning kirish qismida temir va kodli eshiklar o‘rnatilganligi; xonadonlarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi hisoblagichlarining belgilangan tartibda o‘rnatilganligi;

yangi lift o‘rnatilganligi hamda ularning to‘la quvvatda uzluksiz ishlash holati;

hududda sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, dam olish ayvonchalari va avtoturargohlar qurilganligi;

turar joy binosiga videokuzatuv moslamalarining o‘rnatilganligi va ularning ishlash holati;

hududda obodonlashtirish ishlari va kirish yo‘laklari tasdiqlangan arxitektura loyihasi asosida to‘liq va sifatli olib borilganligi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi (A.Toshpo‘latov)ga qurilishi tugallangan ko‘p qavatli uylarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilmasdan, fuqarolarning uylarga ko‘chib o‘tishlariga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi topshirilsin.