Mirziyoyev paxtani yomg‘irli kunlarga qoldirmay terib olish bo‘yicha topshiriq berdi

O‘zbekiston prezidenti ertangi kuni bugunidan yaxshi bo‘lishi uchun har bir odam o‘zi harakat qilishi zarurligini qayd etgan. "Hozirgi zamonda kim yutadi - intilgan yutadi, mehnat qilgan yutadi", deb ta’kidlagan davlat rahbari
Sputnik

TOShKENT, 13 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi "Valixon ota" fermer xo‘jaligiga tashrif buyurdi va fermerlar bilan muloqotda bu yilgi paxta terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligini ta’kidladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Joriy yil iyul oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida Mirziyoyev g‘o‘za rivojini jadallashtirish, hosilga hosil qo‘shish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. Shunga muvofiq Toshkent viloyatida ham zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Viloyatda qariyb 76 ming gektar, Bo‘ka tumanida salkam 13 ming gektar maydonda paxta yetishtirildi. Ayni kunlarda paxta terimi davom etmoqda. 

Paxta mavsumi: majburiy mehnatga undash bo‘yicha 410ta murojaat kelib tushdi

Bu yilgi ob-havo paxtachilik uchun noqulay keldi. Suv kam, zararkunanda hasharotlar ko‘p bo‘ldi. Paxta rivoji kechikdi. 

Mirziyoyev hamma sohalar qatori qishloq xo‘jaligida ham asosiy maqsad xalq manfaati ekanini, qaysi mahsulot ko‘proq daromad keltirsa, o‘sha ekilishini ta’kidladi. 

"Manfaatdorlik bo‘lishi uchun qilingan xarajatni qoplab, foyda ko‘rish kerak. Ertangi kuni bugunidan yaxshi bo‘lishi uchun har bir odam o‘zi harakat qilishi zarur. Hozirgi zamonda kim yutadi - intilgan yutadi, mehnat qilgan yutadi", deb aytgan Mirziyoyev.

Bu yil Toshkent viloyatida bir kilogramm terilgan paxta uchun ming so‘mdan ziyod pul to‘lanmoqda.

Muloqotda fermerlarga o‘z mehnati samarasini ko‘rish vaqti kelgani, buning uchun paxta terimini uyushqoqlik bilan tashkil etib, hosilni yog‘inli kunlarga qoldirmay yig‘ib olish zarurligi ta’kidlandi.