Tekshiruvdan so‘ng yana bir avtosalon rahbari ishdan bo‘shatildi

Tekshiruv davomida 37 dona avtomobil yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma xaridorlar ishtirokisiz tuzilganligi ma’lum bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 10 okt – Sputnik. “ToshkentAvtosavdo” MChJda amalga oshirilgan tekshiruv chog‘ida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Toshkentda avtosalon xodimlari pora bilan qo‘lga olindi

Dilerlik korxonasida mavjud hujjatlar o‘rganilganda, 2018-yil avgust-sentabr oylarida sotilgan avtomobillar bo‘yicha tuzilgan noqonuniy hujjatlar mavjudligi, sotilgan avtomobillar bo‘yicha to‘lov rejasida qoidabuzarliklar, avtomobillarni sotish bo‘yicha tizimli ishlar ta’minlanmaganligi kabi holatlar aniqlandi.

Shuningdek shartnomalarni rasmiylashtirishda bir qator qoidabuzarliklar, xususan, avtosalon muhri, mijozlar imzosi, pasport nusxalari hamda to‘lov amalga oshirilganligi haqidagi hujjatlarning yo‘qligi namoyon bo‘ldi.

Bundan tashqari, 37 dona avtomobil yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma xaridorlar ishtirokisiz tuzilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek avtomobillarni sotishda ilova qilingan hujjatlarda mijozlarning imzolari soxtalashtirilganligi ehtimoli tekshirilmoqda.

“ToshkentAvtosavdo” MChJga amalga oshirilgan ko‘chma tekshiruv chog‘ida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi va buning natijasida ushbu korxonaga yangi boshqaruv raisi Dilshodbek Bakiyev tayinlandi.