TOShKENT, 5 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston rahbari Tojikiston prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tiladi.
Tomonlar oliy darajadagi muntazamlik kasb etgan uchrashuv va muloqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Joriy yil 17-18 avgust kunlari Tojikiston prezidentining mamlakatga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan samarali muzokaralar, ularning yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuv va imzolangan ikki tomonlama hujjatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston prezidentining joriy yil 27-28 sentabr kunlari MDH Davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Dushanbega amaliy tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijakorligi qayd etildi.
Bugungi kunda savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib bormoqda. O‘zaro savdo hajmi ortib, turli tarmoqlarda kooperatsiya, transport-kommunikatsiya sohasidagi aloqalar rivojlanmoqda, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida hamkorlikni rivojlantirish va erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlashda muntazam amaliy aloqalar muhimligini qayd etdi.
Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladilar.