TOShKENT, 2 okt - Sputnik. Joriy yil sentabr oyida iste’mol bozorida tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,8 foizga ko‘tarildi. Davlat statistika qo‘mitasi hisobotiga asosan.
Hisobotda qayd etilishicha, shu yilning 9 oyi davomida narxlar o‘zgarish dinamikasi bir maromda kechmadi.
Mol va qo‘y go‘shtining eng yuqori darajada qimmatlashgani iyul oyida qayd etildi.
Parranda go‘shtining narxi esa aksincha, iyul oyiga qadar pasayib, avgust oyidan boshlab ko‘tarila boshladi.
Oy davomida umumiy narxlar darajasining o‘sishiga tovarlar 1,9 %, xizmatlar esa 1,2 %ga ta’sir ko‘rsatgan.
Sentabr oyida mol go‘shti 1,7 %ga, mol go‘shti (suyaksiz) 1,1 %ga, qo‘y go‘shti 1,1 %ga, parranda go‘shti 3,3 %ga qimmatlagan.
Shuningdek, joriy yil yanvar-sentabr oyidagi iste’mol narxlari indeksida mevalar 9,3 %ga arzonlagan bo‘lsa, sabzavotlar 21,9 %ga, kartoshka 37 %ga qimmatlagan.
Hisobotda aytilishicha, Vazirlar Makamasining 2018-yil 13-sentabrdagi “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 1-navli unning ulgurji-savdo narxi (1400 so‘m) oshirilishi bilan bir qatorda aholi uchun nonning erkin bozor narxi bo‘yicha sotish tartibi belgilab o‘tildi.
“Umumiy hisobda, 2018-yilning yanvar-sentabr oylarida 1-navli undan tayyorlangan non narxi o‘rtacha 64,0 %ga, oliy navli undan 47,2 %ga va 1-navli un (jumladan import unlar) narxlari 10,5 %ga qimmatlashdi.
Ushbu mahsulotlar narxlarning ko‘tarilishi joriy yilning 9 oyi davomidagi umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichining 1,0 f.d.da oshishiga olib keldi,” – deyilgan hisobotda.