TOShKENT, 1 okt - Sputnik. Oliy Majlis Senatining 16-chi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga va jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun ma’qullandi.
Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksiga giyohvandlik vositalari analoglari degan tushuncha kiritildi.
Unga ko‘ra, giyohvandlik vositalarining analoglari – kimoviy tuzilishi va xossalariga ko‘ra giyohvandlik vositalariga o‘xshash bo‘lgan, ular singari ruhiyatga faol ta’sir etadigan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy moddalardir.
Amaliyotda giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasiga doir jinoyatlarni malakalashda 2015-yil 12-noyabrdagi 330-sonli qaror bilan tasdiqlangan I, II i III ro‘yxatlardan foydalanib kelinmoqda.
Biroq, Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yildan 2018-yilning 7 oyi davomida respublika hududida muomalada bo‘lishi taqiqlangan yoki cheklangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ro‘yxatiga kiritilmagan sintetik kannabinoidlarning 8 ta yangi turi aniqlangan.
Shunga ko‘ra, endilikda Jinoyat kodeksi bilan giyovandlik vositalari va prekursorlar bilan bir qatorda giyohvandlik vositalarining analoglari bilan bog‘liq jinoyatlar ham ta’qib qilinadi.
Qonun prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach yuridik kuchga ega bo‘ladi.