Shavkat Mirziyoyev Toj Mahalga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Toj Mahal majmuasiga tashrif buyurdi.
Sputnik

TOShKENT, 30 sen – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Hindistonga davlat tashrifini Toj Mahaldan boshladi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.

“Boburiylar merosi bo‘lgan ushbu yodgorlik o‘zbek va hind xalqlarining tarixi mushtarakligi, ikki mamlakat aloqalari mustahkam asosga ega ekani ifodasidir,”- deyilgan xabarda.

Shavkat Mirziyoyev tashrifi chog‘ida Toj Mahalda Qur’on tilovat qilindi. O‘zbekiston prezidenti faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.

Shavkat Mirziyoyev Hindistonga yetib keldi

Ma’lumki, Toj Mahal Boburiylar sulolasidan bo‘lgan Shoh Jahon buyrug‘i bilan qurilgan. Markaziy Osiyo, Eron va Yaqin sharq mamlakatlari ustalari Toj Mahalni 22-yil davomida qurishgan. Toj Mahal o‘zbekona naqshlar va Qur’on suralari bilan bezatilgan.

Toj Mahal 1983-yilda YuNESKOning jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek majmua, norasmiy reytingda, dunyoning borib ko‘rishga arziydigan yetti mo‘’jizalaridan biri hisoblanadi. Toj Mahalni tomosha qilish uchun har yili 5 million turist keladi.