TOShKENT, 28 sen — Sputnik.GM Uzbekistan “Shaxrixon-Avto Ravon” AJ bilan dilerlik kelishuvini bekor qilganini ma’lum qiladi.
“Kelishuvni bekor qilinishiga dilerlik markazi tomonidan tizimli ravishda kelishuv shartlarining buzib kelinishi, GM Uzbekistan avtomobillari savdosida shaffoflikning mavjud emasligi, ish jarayonida korrupsiyaga yo‘l qo‘yishlik, avtomobillarni sun’iy bronlash, xaridorlar o‘rtasida talab katta bo‘lgan avtomobillarni “yopiq garajlarda” saqlanishi, rasmiy narxlarning ochiq ma’lumot tarzida mavjud emasligi, shartnoma tuzish uchun mavjud bo‘lgan avtomobillar haqida yolg‘on ma’lumotlar berilishi, faoliyat yuritmaydigan koll-markaz, xodimlarning dilerlik markazlari standartlariga nomunosibligi sabab bo‘ldi”, - deyilgan kompaniya xabarida.
Kompaniya ana shunday qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yayotgan dilerlik markazlarini aniqlash borasida ishlarni davom ettirishini ma’lum qildi.
Shuningdek, dilerlik markazlarida qonunga hilof holatlar haqida darhol GM Uzbekistan koll-markaziga yoki O‘zbekiston Bosh Prokuraturasining yagona ishonch raqamlariga murojaat qilish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-25 sentabr kunlari GM Uzbekistan avtomobillariga tuzilgan 10 mingdan ortiq ariza bekor qilindi. Shuningdek, Shuningdek, avgust oyining so‘nggi haftasida 6393 dona soxta arizalar qoldirilgani aniqlandi va ular tizimdan o‘chirilganligi ma’lum qilindi.