Koreya O‘zbekistonga majburiy sug‘urta tizimiga o‘tishga yordam beradi

O‘zbekiston 10-yil oralig‘ida majburiy sug‘urta tizimiga o‘tishni rejalashtirmoqda
Sputnik

TOShKENT, 28 sen - Sputnik. Janubiy Koreya O‘zbekistonga majburiy tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tishga ko‘maklashadi, dedi Sputnik muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduxakimov.

Abduxakimov O‘zbekiston bu tizimga o‘tishi kerakligi, ammo bu ish oson bo‘lmasligi, chunki eng avvalo odamlarning ishonchini qozonish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekistonda 10-yil ichida majburiy tibbiy sug‘urta tizimi joriy etiladi - Abduxakimov

"Odamlarimiz hali bunga o‘rganmagan. Lekin tushunishlari lozim: bu sekin-sekin to‘lab boriladigan va bir kun, agarda kasal bo‘lganida, davolanishni to‘liq qoplaydigan pullardir", - deya izoh beradi Abduxakimov.

O‘zbekiston nega hozir birdan majburiy sug‘urta tizimiga o‘ta olmasligiga izoh berar ekan, buning sabablarini iqtisodiy masalaga borib taqaydi. Abduxakimovga ko‘ra, buni aholining aksariyat qismi rasman band bo‘lganidagina muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkin.

"Hozir buni amalga oshiradigan bo‘lsak, budjet ko‘tara olmaydigan tizimga o‘tib qolishimiz mumkin", - izoh beradi Bosh vazir o‘rinbosari.

Abduxakimovga ko‘ra, sug‘urta - bu ishonch degani. "Odamlar tushunishi kerak, ishonishi kerak. Hayotda, deylik onkologiyaga uchrab qolsa, o‘zini yo‘qotib qo‘yishi kerak emas.

"Onkologiya yoxud shu kabi boshqa bir og‘ir dardga chalinganida, uyini, mashinasini sotayotganlarni ko‘rib turibmiz. Bunday bo‘lishi kerak emas. Sug‘urta shu uchun kerakki, inson og‘ir dardga chalinganida tushkunlik yoki umidsizlikka tushmasligi zarur", - deydi Abduxakimov.

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, majburiy sug‘urta tizimiga birinchi navbatda budjet tashkilotlari va yirik korxonalar o‘tkaziladi, so‘ngra butun aholi qatlami qamrab olinadi.

Sal oldin O‘zbekistonda majburiy sug‘urta tizimi 10-yil oralig‘ida joriy etilishi haqida xabar bergan edik.