TOShKENT, 27 sen — Sputnik. “Foydalanishga yaroqsizligi aniqlangan avtomototransport vositalarini utilizatsiya va qismlarini realizatsiya qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Qaror loyihasida Ichki ishlar vazirligining utilizatsiyaga topshiriladigan yoki realizatsiya qilish maqsadida qismlarga bo‘linadigan avtomototransport vositalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlari hisobidan chiqarish taklifini ma’qullash nazarda tutilgan.
Majburiy texnik ko‘rikka taqdim etilmasdan kelinayotgan avtomototransport vositalarining hisobini yuritish, ularning foydalanishga yaroqliligini aniqlash, yaroqsizlarini hisobdan chiqarish, utilizatsiyaga qabul qilish yoki qismlarini realizatsiyaga qaratish tartibi to‘g‘risidagi nizom qarorga ilova qilingan.
Qaror talablariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorlikda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan avtomototransport vositalarining yagona elektron bazasini 2019-yil 1-yanvarga qadar shakllantiradi.
Shuningdek, belgilangan muddatda majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan avtomototransport vositalarini boshqarganlik holatlarini “Ma’muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimida avtomatlashtirilgan tarzda qayd etish mexanizmi 2019-yil 1-iyunga qadar amaliyotga joriy etiladi.
Nizomda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hududiy organi rahbari hisobot yilining 10 oktabriga qadar majburiy texnik ko‘rikka taqdim etilmagan avtomototransport vositalari egalariga xabarnomalar yuborishi belgilangan.
Shu bilan birga, hisobot yilining 1-noyabriga qadar oxirgi uch yil davomida majburiy texnik ko‘rikka taqdim etilmagan avtomototransport vositalarining ro‘yxati shakllantiriladi.
Shuningdek, fuqarolar yig‘inlari faollari (vakillari, posbonlari) va ichki ishlar organlari tayanch punktlari huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlaridan iborat guruh tomonidan o‘zlarining xizmat ko‘rsatish hududida ro‘yxatda turgan va oxirgi uch yil davomida majburiy texnik ko‘rikka taqdim etilmagan avtomototransport vositalari egalarining turar joy manzili bo‘yicha, fuqarolarning turar joy daxlsizligini buzmagan holda, ularning roziligi bilan inventarizatsiyadan o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Qaror loyihasi 12-oktabrgacha muhokama qilinadi.