AQSh o‘zbek paxtasini bolalar mehnati yordamida ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan o‘chirdi

Hisobotda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishni sezilarli ravishda qisqartirgani natijasida, O‘zbekiston birinchi marta mo‘’tadil o‘sishga erishgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan
Sputnik

TOShKENT, 22 sen - Sputnik. AQSh o‘zbek paxtasini bolalar mehnati yordamida ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan o‘chirdi, deb xabar berdi O‘zbekistondagi AQSh elchixonasi matbuot-xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, 2018-yil 20-sentabr kuni AQSh Mehnat vazirligi bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakli bo‘yicha xulosalar jamlangan 17-yillik hisobotini e’lon qildi.

Paxta mavsumida majburiy mehnatga jalb qilinganlar vazirlikka murojaat qilishi mumkin

Ushbu hisobotda bolalar mehnatidan foydalanishning eng yomon shakllarini bartaraf etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish maqsadida hukumatlar olib borayotgan ishlar baholangan. Unda dunyodagi turli mamlakatlar bu sohada muhim, mo‘’tadil, minimal o‘sishga erishgan va yo umuman o‘sish kuzatilmagan, deya baholangan.

Hisobotda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston hukumati paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnatidan foydalanishni sezilarli ravishda qisqartirgani natijasida, O‘zbekiston birinchi marta mo‘’tadil o‘sishga erishgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan.

AQSh Mehnat departamenti bir vaqtning o‘zida yana bir qo‘shimcha hisobot – “Bolalar mehnati yoxud majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxati”ni – e’lon qildi. Bu ro‘yxatda dunyodagi 76 mamlakatda ishlab chiqarilgan 148 ta mahsulot o‘rin olgan. Bu yil O‘zbekiston paxtasi ushbu ro‘yxatdan o‘chirilgan.

"Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonni bunday muhim yutuq uchun olqishlaydi. AQSh O‘zbekiston hukumatini mustaqil kuzatuvchilarga avvaldan e’lon qilmasdan joylarga borib paxta mavsumida yaratilgan mehnat sharoitlarini monitoring qilishlarini cheklamaslikka hamda kuzatuvchilarga tahdid o‘tkazuvchi va yo ushlab turuvchi, qolaversa, bolalardan maktabga paxta olib kelishni talab etuvchi rasmiylarni jazolashga chaqiradi", - deb ta’kidlangan xabarda.