Terroristik guruhlarga adashib kirgan fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin

Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuziladi.
Sputnik

TOShKENT, 20 sen – Sputnik. Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. 

O‘zbekistonda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tashkil etiladi

Farmonda ta’kidlanganishicha, 2017-yilda sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan 18 mingdan ziyod fuqarolar terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar faoliyatida ishtirok etishga moyil bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi.

Farmonga muvofiq, terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuziladi.

2018 yil 1-noyabrdan boshlab: 

- terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi; 

- komissiya tomonidan salbiy xulosa chiqarilgan taqdirda barcha holatlar qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi. 

Bunda fuqarolar quyidagi hollarda

- aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa; 

- jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan bo‘lsa; 

- taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan bo‘lsa; 

- taqiqlangan tashkilotlarning g‘oyaviy yoki ma’naviy rahnamosi bo‘lmagan bo‘lsa; 

- jangovar harakatlarda va qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan bo‘lsa; 

- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda o‘quv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa; 

Samarqand viloyatida ekstremizm ta’siriga tushgan 200dan ortiq shaxs qidirilmoqda

- terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan bo‘lsa; 

- xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan bo‘lsa; 

- terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikatsiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni ko‘zlamagan holda saqlagan bo‘lsa. 

Ushbu farmon fuqarolarning O‘zbekiston hududiga kirishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.