TOShKENT, 16 sen – Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan”Investor kuni” tadbirida yangi aviakompaniya ochish taklif qilindi, deb xabar qilmoqda Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati.
Yangi aviakompaniya ochish taklifi bilan bir necha yildan buyon aviachiptalar sotish bilan shug‘ullanayogan tadbirkor, INTER AVIASERVIS kompaniyasi asoschisi Jahongir Fayzullayev chiqdi. Yangi aviakompaniyada dastlabki bosqichda 4ta avialayner bo‘ladi.
“Ayni damda bizning bir necha xorijiy kompaniyalar bilan 4ta A-320 va A-321 (Airbus) samolyotlarini lizingga olish haqida shartnomalarimiz bor. Ekspluatatsiya qilish huquqini beruvchi sertifikat olishim bilan – o‘ylagan rejalarimni amalga oshira boshlayman.”, - deydi Jahongir Fayzullayev. - Rossiyada ayni damda 4ta aviakompaniya bor, yana uchta ochilmoqchi. Biz nega shunday qila olmaymiz?”
Toshkent shahar hokimi tadbirkorning ushbu loyihasi o‘ta jiddiy ish ekanligini qayd etib, unga qo‘ldan kelgan yordamini ko‘rsatishga va’da berdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Investor kuni” tadbirida 130dan ortiq turli investitsion loyihalar taqdim etildi. Ular orasida tikuvchilik sexi ochishdan tortib okeanarium qurishgacha bo‘lgan loyihalar bor.