TOShKENT, 12 sen — Sputnik. “Toshtransdispetcherxizmat” xodimini qo‘pol tarzda haqorat qilgan haydovchiga chora ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha internetda “Matiz” avtomobili haydovchisi jamoat transporti uchun mo‘ljallangan joyni o‘z avtomashinasi bilan to‘sib qo‘yganligi aks etgan video tarqaldi. Shuningdek, haydovchi “Toshtransdispetcherxizmat” UK vakilining e’tiroziga e’tibor bermay, qo‘pol tarzda ayol kishini haqorat qilib, uning qo‘lidan mobil telefonini tortib olmoqchi bo‘lgan. Buni yeplay olmagach, unga qo‘l qo‘targan.
Ushbu holat bo‘yicha Toshkent IIBB tomonidan choralar ko‘rildi. Haydovchi qo‘lga olindi. U Zangiota tumanida yashovchi 26 yoshli Hikmatulla M. bo‘lib chiqdi.
Qayd etilishicha, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6- (transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi) va 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) bilan bayonnoma rasmiylashtirildi.
Bundan tashqari, “Toshtransdispetcherxizmat” UK rahbariyatining arizasiga asosan Shayxontohur tumani ma’muriy sudi tomonidan Hikmatulla M. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikda aybdor deb topildi va unga 5 sutkacha bo‘lgan muddatda ma’muriy qamoq ko‘rinishidagi jazo tayinlandi.
Ushbu moddaga ko‘ra, mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.