TOShKENT, 11 sen — Sputnik. AQSh Davlat departamentining xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha elchisi Sem Braunbek O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deb xabar qildi AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Sem Braunbek 10-19 sentabr kunlari davomida Ukraina, Polsha va O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
O‘zbekistonda elchi diniy erkinlik sohasidagi so‘nggi islohotlarni muhokama qilish uchun yuqori lavozimli amaldorlar bilan uchrashadi.
Sem Braunbek 2018-yil 1-fevraldan AQSh Davlat departamentining xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha elchisi lavozimida faoliyat olib bormoqda.