TIV Bangkok aeroportida ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha bayonot berdi

Vaziyatni voqea joyining o‘zida o‘rganish va zarurat bo‘lsa konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Bosh konsulxona xodimi Bangkok shahri aeroportiga borgan - deyilgan TIV bayonotida.
Sputnik

TOShKENT, 8 sen — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Bangkok aeroportida ushlab turilgan 4 nafar O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha bayonot berdi.

Uzbekistan airways Tailand va Malayziyaga qo‘shimcha qatnovlarni kiritdi

Unda aytilishicha, to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosining Tailandga kiritilmaganligi va ularning Bangkok shahri aeroportida ushlab turilganligi to‘g‘risida qator OAVda chop etilgan maqolalar munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti 2018-yil 7-sentabr kuni fuqarolar Q.Sa’dullayev, J.Qurbonov, A.Inog‘omov, A.Abdullayev mazkur masala yuzasidan O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilganini xabar beradi.  

TIV bayonotiga ko‘ra, shu kunning o‘zida vaziyatni voqea joyining o‘zida o‘rganish va zarurat bo‘lsa konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish uchun Bosh konsulxona xodimi Bangkok shahri aeroportiga borgan.

Tailand immigratsiya xizmati bo‘linmasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur fuqarolarning mamlakatga kirishlariga rad javobi berilishiga ular tomonidan tashrif maqsadi, yashash joyi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlarning shubha tug‘dirgani sabab bo‘lgan.

“Hozirgi vaqtda Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolarini navbatdagi aviareys bilan O‘zbekistonga qaytarish uchun Tailand tegishli hokimiyat organlari va “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi vakolatxonasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi”, deyiladi TIV bayonotida.