“Sho‘rtan” futbolchisi stadionda kelinsalom qildi

“Sho‘rtan” jamoasi futbolchisi Uldona To‘xtayeva stadioga kelganlar oldida “kelinsalom” qildi.
Sputnik

TOShKENT, 6 sen – Sputnik. Futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida qiziq holat yuz berdi, deb xabar qilmoqda PFL direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev o‘zining Telegram kanalida.

“Sho‘rtan” va “Qizilqum” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yindan oldin “Sho‘rtan” jamoasi futbolchisi Uldona To‘xtayeva stadioga kelganlar oldida “kelinsalom” qildi.

“Salom qilayotgan qiz Sho‘rtan futbolchisi Uldona To‘xtayeva. Turmushga chiqqaniga 1 hafta bo‘libdi. O‘yindan oldin o‘zbek urf-odatiga ko‘ra kelin salom qilyapti”, - deb izoh qoldirgan Imomxo‘jayev.

O‘yinga kelsak, u 5:0 hisobida “Sho‘rtan” g‘alabasi bilan yakunlangan.  “Kelindan 1 ta golli pas bo‘ldi” – deb qo‘shimcha qildi Diyor Imomxo‘jayev.