TOShKENT, 27 avg - Sputnik. Rossiya va Tojikiston harbiy samolyotlari Afg‘oniston shimoliga zarba bermagan, deb xabar qilmoqda ikki mamlakatning taaluqli muassasalari.
Biroz oldin ayrim xorijiy OAVlarda bir guruh jangarilar Xamadoni aholi punkti yaqinida, chegara ichiga kirishga muvaffaq bo‘lgani va ikki nafar o‘rmonchini o‘ldirgani va bir kishini yarador qilgani hamda bunga javoban Rossiya va Tojkiston Afg‘oniston shimoliga aviatsiya zarbasi bergani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Tojikiston Afg‘oniston shimoliga zarba bermagan, o‘zga mamlakat hududiga beriladigan har qanday zarba KXShT shtabi majlisi chaqirilganidan, har taraflama maslahat qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi.
O‘z navbatida Rossiya Mudofaa vazirligi ham ushbu xabarlarni rad etdi.
"Britaniyaning "Reuters" agentligi tomonidan Rossiya samolyotlari Tolibon jangarilariga zarba bergani haqida tarqatilgan xabarlar – haqiqatga zid. Rossiya Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida hech qanday harbiy vazifalarni amalga oshirmagan”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 14-avgust kuni Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh hududida bir necha chegara nazorat punktlari jangarilar tomonidan egallab olingani va Tojikiston tomonidan ular vaqtincha yopib qo‘yilgani haqida xabar bergan edik.