TOShKENT, 24 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 2019-2020 o‘quv yilidan O‘zbekiston yangi ta’lim standartlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda juma kuni XPK sessiyasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.
Vazir zamonaviy maktab o‘quv dasturlari to‘laligicha zamon talablariga mos holda ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi.
"Afsuski, amaldagi o‘quv dasturlari ko‘proq bolalarning yod olishi uchun mo‘ljallangan. Zamonaviy dunyo mutlaqo boshqacha talablarni qo‘ymoqda. Biz axborot texnologiyalari davrida yashamoqdamiz. Agar ilgari o‘qituvchi axborot markazi bo‘lgan bo‘lsa, bola o‘zi uchun kerakli barcha ma’lumotni o‘qituvchidan olgan bo‘lsa, ayni damda o‘quvchining axborot oladigan manbalari ko‘p - bular Internet, televidenie va boshqa turdagi ommaviy axborot vositalari. Shunday ekan, endilikda o‘qitvchilarning asosiy vazifasi to‘g‘ri bilim olishni o‘rgatish bo‘lishi kerak", - dedi Shermatov.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston Ta’lim vazirligi YuNISEF xalqaro tashkiloti bilan ishni boshlagan.
"Ular bizga o‘z ekspertlarini bergan. Shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlardan ham mutaxassislarni jalb etganmiz. Ekspertlar guruhi ta’lim standartlarimizni to‘liq qaytadan ko‘rib chiqishadi. Keyin ushbu ta’lim standartlaridan darsliklar va darsliklarga qo‘yiladigan talablar ishlab chiqiladi. Ta’lim standarti o‘zgarishi darsliklarning ham o‘zgarishiga olib keladi", - dedi vazir.
Shermatovning aytishicha, darsliklar masalasida "qaytadan velosiped ixtiro qilish"ning hojati yo‘q.
Jahonda ingliz tili, matematika, fizika va boshqa fanlardan juda ko‘plab yaxshi darsliklar mavjud. Ularni O‘zbekiston uchun adaptatsiya qilish mumkin, dedi Xalq ta’limi vaziri
Shermatovning aytishicha, yangi ta’lim standartlariga o‘tish, bu katta mehnat va vaqt talab qiladigan jarayon. Shu bois u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va ushbu o‘zgarishlar keyingi o‘quv yilidan joriy etilishni boshlaydi.