Avvalo bilimga munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak - Otabek Nazirov

Maktab yana obro‘-e’tiborga ega maskanga aylanishini, insonlar u yerga talpinishini, bolalar a’lochi o‘quvchi bo‘lish - bu zo‘r, deb aytishlarini xohlar ekanmiz, bilimga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz kerak, deydi vazir o‘rinbosari Nazirov.
Sputnik

TOShKENT, 24 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov hozirda O‘zbekiston ta’lim tizimidagi boshqarmalarga eng yetuk, malakali kadrlarni jalb etish imkonini beradigan hujjatni tayyorlash ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Mirziyoyev o‘zbek iqtisodiy mo‘’jizasini yaratadigan qarorni imzoladi - Sherzod Shermatov

"Maktablarda va umuman, xalq ta’limi tizimida muammolar juda ko‘p. Bu yerda g‘irromlik qilishning ham, yashirishning ham keragi yo‘q. Birinchi navbatda o‘zimiz bilan ochiq bo‘lishimiz va bizga nima halal berayotganini aniqlashimiz kerak. Bizga halal berayotgan birinchi narsa, mening nazdimda - bu bilimga bo‘lgan munosabat", - dedi vazir o‘rinbosari.

Maktab yana obro‘-e’tiborga ega maskanga aylanishini, insonlar u yerga talpinishini, bolalar a’lochi o‘quvchi bo‘lish - bu zo‘r, deb aytishlarini xohlar ekanmiz, bilimga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz kerak, deydi vazir o‘rinbosari Nazirov.

Ayni vaqtda vazirlik barcha resurslarni mana shu maqsadlar uchun safarbar etish ustida ish olib bormoqda.

"Bu bizga tuman va viloyat xalq ta’limi boshqarmalariga eng yaxshi kadrlarni jalb etish imkonini beradi. Agar zarurat bo‘lsa, chet eldan mutaxassislarni, chet eldagi vatandoshlarimizni jalb qilishga tayyormiz", - dedi vazir o‘rinbosari.

O‘zbekistondagi maktablarda yangi o‘quv yilidan dunyo dinlari tarixi o‘qitiladi

Shuningdek, u bu jarayonda jamiyat muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.

"Maktabdagi jarayonlarga ota-onalar jalb etilmasa, jamiyat bunga befarq qarasa, bu sohada muvaffaqiyat qozonish mumkin emas", - dedi u

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan Otabek Nazirov 1975 yili Toshkentda tug‘ilgan. AQShning Nyu-York shtatidagi Stouni-Bruk Davlat universitetida makroiqtisodiyotchi mutaxassisligini egallagan.

Turli yillar davomida AQShning GOLDMAN SACHS GROUP, Moskvadagi TROYKA DIALOG va BANK MDM, Vashingtondagi THE AVACENT GROUP hamda Nyu-Yorkdagi JP MORGAN CHASE kompaniyalarida faoliyat yuritgan.