TOShKENT, 19 avg – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarining Markaziy bankda saqlanadigan majburiy rezervlariga doir muhim o‘zgartirishlar kiritdi.
Pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan choralar doirasida Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan majburiy rezervlar tartibi va meyorlariga, joriy yilning 1-oktabridan amal qilinishi ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan:
- majburiy rezervlarni tijorat banklar tomonidan jalb qilingan majburiyatlarning valyutasidan qat’iy nazar faqat milliy valyutada shakllantirish bo‘yicha tartib o‘rnatilmoqda;
- yuridik va jismoniy shaxslarning depozitlari bo‘yicha meyorlari bir xillashtirilmoqda;
- yuridik shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari uchun majburiy rezervlar meyorlari pasaytirilmoqda;
- chet el valyutasidagi depozitlar bo‘yicha majburiy rezervlar uchun nisbatan yuqori meyorlar kiritilmoqda.
Masalan, yangi tartib bo‘yicha, yuridik va jismoniy shaxslarning muddati 1-yildan 2-yilgacha bo‘lgan depozitlari miqdori milliy valyutada saqlangan holda - 2% bo‘lishi, xorijiy valyutada saqlangan holda - 7 % bo‘lishi talab qilinadi.
Ikkinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarning muddati bir yilgacha bo‘lgan depozitlari miqdori, milliy valyutada saqlangan holda - 4%, xorijiy valyutada saqlangan holda - 14 % bo‘lishi talab qilinadi.
Bank xabarida aytilishiga ko‘ra, ushbu o‘zgartirishlardan quyidagi natijalar kutilmoqda:
- milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining jozibadorligini oshirish;
- iqtisodiyotdagi “dollarlashuv” darajasini kamaytirish;
- bank tizimidagi likvidlikni tartibga solishda bozor mexanizmlarining samaradorligini oshishi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi inflyatsiyaning prognoz darajasi va foiz stavkalari dinamikasidan kelib chiqib, kelgusida pul-kredit siyosati ta’sirchanligini oshirish maqsadida uning instrumentlariga Markaziy bank tomonidan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib boriladi.