Samarqand viloyati hokimi go‘sht bozorlarini tartibga solishga kirishdi

Turdimovning ta’kidiga ko‘ra, Samarqand viloyatida ayni paytda talabga javob beradigan kushxonalar yo‘q
Sputnik

TOShKENT, 16 avg - Sputnik. Samarqand viloyati hokimligida viloyatdagi bozorlar hamda go‘sht do‘konlari faoliyatida kuzatilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi, deb xabar qildi hokimlik matbuot-xizmati.

"Samarqand viloyatida ayni paytda talabga javob beradigan kushxonalar yo‘q", - deb aytgan Turdimov yig‘ilish davomida.

Kutilmagan tekshiruv: Erkinjon Turdimov rahbarlar ishini tekshirmoqda

Hokim vazifasini bajaruvchining so‘zlariga kzra, tadbirkorlar tomonidan kredit evaziga, qonuniy asosda tashkil qilingan zamonaviy kushxonalar esa ayrim mas’ul rahbarlarning e’tiborsizligi tufayli to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Oqibatda salmoqli mablag‘ evaziga keltirilgan uskunalar eskirib qolmoqda.

Yig‘ilishda dehqon hamda buyum bozorlarida ham savdo-sotiqni zamon talablari darajasida tashkil etish, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratib berish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Belgilangan vazifalarning ijrosini tahlil etish va o‘rganish maqsadida viloyat hokimligida monitoring guruhlari tuzishga qaror qilingan.

Monitoring guruhlari joylarda go‘sht va go‘sht mahsulotlari savdosida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etadi, deyiladi xabarda.