TOShKENT, 9 avg - Sputnik. Toshkent shahar IIBB tomonidan transport vositasidan chiqayotgan shovqin darajasini aniqlash va uni tartibga solishni nazarda tutuvchi zarur hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar kiritildi, deb xabar berdi IIBB matbuot xizmati.
Bunga tungi vaqtda shahar ko‘chalari bo‘ylab uyushtirilayotgan poygalarda motosikl motorining shovqinidan bezovta bo‘layotgan aholi murojaatlarining ko‘pligi sabab bo‘lgan.
“O‘zlashtirilgan xalqaro tajriba asosida O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligiga transport vositasidan chiqayotgan shovqin darajasini aniqlash va uni tartibga solishni nazarda tutuvchi zarur hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar kiritildi. Bu boradagi tashabbus Toshkent shahar IIBB tomonidan ilgari surildi”, - deyiladi xabarda.
Bundan avval Toshkent shahridagi tungi patrullash vaqtlarida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan motosiklchilar to‘xtatilib, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilganligi haqida xabar berilgan edi.
Tushuntirish tadbirlarida motosikl ishqibozlariga yo‘l harakati qoidalarini buzish mumkin emasligi va fuqarolar huquqlarini hurmat qilish maqsadga muvofiq ekanligi aytib o‘tilgan.