TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Kuni kecha Xalqaro press klubda “Bojxona: islohotlarning yangi davrdagi muhim vazifalari” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qildi.
Sessiyada Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati, tadbirkorlar va OAV vakillari qatnashdi.
Sessiya boshida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi, bojxona xizmati general-mayori Murodjon Azimov tadbirkorlar uchun joriy etilgan qulayliklar haqida batafsil axborot berdi.
“Bojxona sohasida prezidentimiz tomonidan alohida e’tiborlari tufayli tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Agar e’tibor beradigan bo‘lsak, 2017-yil 22-dekabrda prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi murojaatnomasida bojxona sohasidagi tartib taomillari murakkabligi, bojxona rejimlari ko‘pligi, yuklarni qayta-qayta rasmiylashtirish jarayoni bo‘layotganligi, bojxona organlarida xavfdan ogoh etish tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligi - bu tadbirkorlarimizning rivojlanishiga, ularning vaqti, mablag‘ini ortiqcha sarflanayotganligi tanqid ostiga olib, bizning oldimizga qator vazifalar qo‘ygan edilar”, - deb ta’kidladi bojxona qo‘mita raisi.
Murodjon Azimov so‘zlariga ko‘ra, bu borada bojxona tartib taomillari o‘zgartirildi, prezidentning 2018-yil 22-apreldagi davlat bojxona organlari tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi tarixiy farmonlari e’lon qilindi.
2018 yildan boshlab xalqaro aeroportlarda yashil va qizil yo‘laklar joriy etildi. Bu O‘zbekiston fuqarolari va xorijdan kelayotgan turistlar bojxonada erkin va qisqa muddatda harakatlanish imkoniyatini yaratdi.
“Shaxsan yurtboshimiz topshirig‘i bilan valyuta sohasida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Yo‘lovchilarimiz 2000 AQSh dollariga miqdordagi chet el valyutasi deklaratsiya to‘ldirmasdan olib chiqib ketish vakolatiga ega bo‘ldilar. Qolaversa, deklaratsiyada ko‘rsatib, ekvivalenti 5000 AQSh dollariga teng bo‘lgan chet el valyutasini olib chiqib ketish vakolatiga ham ega bo‘ldilar. Oldinlari bunday narsalar yo‘q bo‘lgan, fuqarolarimizning qanchadan-qancha shikoyatlariga sabab bo‘lardi. Bundan tashqari 2018-yil 1-iyulidan boshlab bojxona organlari ayrim bojxona bilan bog‘liq tartib tamoyillari ruxsatnoma berar edi. Mana shunday ruxsatnomalar berishning 10 tasi bekor qilindi. Bu albatta har biri tadbirkorlarimiz manfaatiga xizmat qiladi”, - dedi Murodjon Azimov.
Shuningdek, bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo do‘konlari litsenziyalari cheklanmagan muddatga berilishi ham e’lon qilindi.
“Oldin TIF qatnashchilari bojxona brokeralari murojaat qilishar edi. Yuk deklaratsiyasi bilan, deklarant degan tushunchalar bor edi. Agar xalq tilida gapiradigan bo‘lsak, ular orqali bojxona xodimlari inspektorlariga chiqishar edi. Endi hech kimga sir emas, ko‘pchilik biladi, deklarantlar bojxona, yuk egasi bilan bojxonachilar o‘rtasida “o‘rtakash” bo‘lib qolgan desak bo‘ladi. Mana shu narsani prezident qarori bilan bekor qilindi. Endi TIF ishtirokchisi o‘zining uyidan turib ham, ofis, ishxonadan turib ham yuk deklaratsiyasini elektron tarzda internet orqali bojxonaga yuborishi mumkin. Bu narsalar hammasi soddalashtirildi”, - deb ta’kidladi qo‘mita raisi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi so‘zlariga ko‘ra, chet elga ko‘rgazmalar olib chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar ruxsatnoma, Vazirlar Mahkamasining qarori, bojxonadan o‘tkar, juda ko‘p hujjat kerak bo‘lar edi. Hozirgi kunda esa 5000 dollargacha miqdorda bo‘lgan ko‘rgazma uchun o‘zining tadbirkorlik faoliyati reklama qilish uchun olib chiqadigan tadbirkorlarga soddalashtirildi.
“Bojxona idoralarda ham eksportga amaliy yordam telegramm – kanali ishga tushdi. Unga hozirgi kunda 3 mingga yaqin tadbirkorlar a’zo. Har bir savol-javob alohida bojxona idorasiga murojaat etmasdan yoki telefon qilmasdan telegrammga yozsa, har bir viloyat boshqarmalarida bojxona nazoratini tashkil etish bo‘limalari doimiy onlayn rejimida kuzatib borishadi va o‘z vaqtida javob berishadi”, - deb qo‘shimcha qildi Murodjon Azimov.