Ozodbek Nazarbekov "O‘zbekkonsert"ning qo‘shiqlar ro‘yxatini tuzish qaroriga munosabat bildirdi

O‘zbekiston xalq artisti "O‘zbekkonsert"ning xalqqa murojaatini "shoshilinch qaror", deya baholadi
Sputnik

TOShKENT, 8 avg - Sputnik. O‘zbekiston Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov "O‘zbekkonsert"ning to‘y-hashamlarda kuylanadigan qo‘shiqlar ro‘yxatini shakllantirish qarorini "shoshilinch qaror", deya baholadi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

“O‘zbekkonsert” to‘ylarda ijro etish tavsiya etiladigan qo‘shiqlar ro‘yxatini tuzadi

"O‘zbeklarda "sal shoshib qo‘yibdi" deyiladi-yu. Mana bu yerda ijodkorlar o‘tiribdi, bilishadiki, san’at asarlari xalqning fikridan kelib chiqib tanlanmaydi. San’at asarlari xalq orasida targ‘ib qilinadi. To‘yda nimani ijro qilaylik, degan masalani xalqga tashlashdan ko‘ra, uni targ‘ib qilish to‘g‘riroq bo‘lardi", - dedi Nazarbekov bugun Toshkentda o‘tkazilgan matbuot-anjumani davomida.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi to‘y-hashamlarda kuylanadigan qo‘shiqlar bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqish rejasini bildirgan edi. Muassasaning ushbu g‘oyasi internet foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Feysbuk foydalanuvchilari "O‘zbekkonsert" bu ketishda yaqinda "tavsiya etiladigan kelinlar ro‘yxati"ni shakllantirishiga ham shubha qilmasliklarini bildirgan edilar.