Toshkentda tunda poyga uyushtirgan motosiklchilar ushlandi

Olti nafar motosiklchining hujjatlari yo‘qligi, 2 nafari shlemsiz ekani, 4 nafarida davlat raqam belgisi standartga mos emasligi aniqlandi
Sputnik

TOShKENT, 1 avg – Sputnik. Toshkentda 29-iyuldan 30-iyulga o‘tar kechasi aholi tinchligini buzib, ularning noroziligiga sabab bo‘layotgan haydovchilar ushlandi.  Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, YPX xodimlari tezlikni oshirib harakatlanib kelayotgan 22 nafar haydovchini to‘xtatishgan, ulardan 12 nafari motosiklchilardir.  

"Baykerlar, tarillatmang": IIBB motosikl haydovchilariga murojaat qildi

"Olti nafar motosiklchining hujjatlari yo‘qligi, 2 nafari shlemsiz ekani, 4 nafarida davlat raqam belgisi standartga mos emasligi aniqlandi", - deyiladi xabarda.

Umumiy hisobda 24 nafar haydovchining tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqargani, 33 nafari svetofor qizil chirog‘i va yo‘l belgilariga bo‘ysunmagani, 214 nafari xavfsizlik kamari taqmaganligi qayd etildi. Ularning barchasiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, transport vositalari jarima maydoniga qo‘yildi.

Xabar qilinishicha, ayni vaqtda jamoat tartibini buzgan, kechki va tungi vaqtlarda motosiklni tez boshqarib, poygada qatnashayotgan va odamlarning tunda orom olishiga xalal berayotgan haydovchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.