O‘qishga test sinovlarisiz qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Hukumat qarori bilan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
Sputnik

TOShKENT, 1 avg - Sputnik. O‘zbekiston hukumati o‘qishga test sinovlarisiz qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqladi, deb xabar qilindi telegrammdagi Huquqiy-axborot kanalida.

Test sistemasi O‘zbekiston ta’lim tizimini buzdi, deb hisoblaydi dotsent Qodirov

"Hukumat qarori bilan Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi", - deyiladi xabarda.

Nizomga ko‘ra, kasbiy (ijodiy) imtihonlar fanlar xususiyatidan kelib chiqqan holda amaliy, og‘zaki shakllarda, har yili 25-iyuldan 10-avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkaziladi.

Imtihon topshiriqlari umumiy o‘rta (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar (shu jumladan madaniyat, san’at, musiqa, sport va jismoniy tarbiyaga ixtisoslashtirilgan) ta’limi fanlarining o‘quv dasturlaridan kelib chiqqan holda oliy ta’lim muassasalari tomonidan tuziladi.

Sport va jismoniy tarbiya fanlari bo‘yicha imtihon topshiriqlari tuzishda abituriyentlarning jinsi va yoshi jihatdan belgilangan meyoriy talablar inobatga olinadi.

Biz havas qilardik o‘qituvchining kiygan kiyimiga qarab - dotsent Qodirov bilan suhbat davomi

Eslatib o‘tamiz, alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar takliflari asosida har yili Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

Imtihonlar (sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlari bundan mustasno) kollegial tartibda qabul qilinadi va baholanadi.

Abituriyentlarning amaliy shaklda bajargan imtihon ishlarini tekshirish va baholash shifrlash orqali amalga oshiriladi.

Natijalar kasbiy imtihon o‘tkazilganidan keyin 1-3 kun muddatda ta’lim muassasasi veb-saytida e’lon qilinadi.

Bordi-yu abituriyentda o‘z natijalari bo‘yicha e’tiroz tug‘ilsa, apellyatsiya komissiyasiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Norozilik arizalari imtihon natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida qabul qilinadi va komissiya tomonidan bir kun muddatda ko‘rib chiqiladi.