TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Toshkentning Yunusobod tumani Amir Temur shoh ko‘chasining Osiyo ko‘chasi bilan kesishgan qismidan Toshkent kichik avtomobil halqa yo‘l o‘tkazgich (ko‘prik) qismigacha bo‘lgan qismida harakat vaqtincha cheklandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-iyuldagi “Toshkent shahrida qurilish va obodonlashtirish ishlarini borishi to‘g‘risida”gi sayyor yig‘ilishi bayoni bilan xorijiy tashabbuskor (Rossiya Federatsiyasi) “KB Strelka” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Toshkent seni sevadi” kompleks dasturi va “Dizayn kod” loyihasi asosida Toshkent yo‘llarida rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari boshlandi.
“Rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining birinchi bosqichini olib borilishi munosabati bilan, qolaversa fuqarolar xavsizligini ta’minlash maqsadida 15-avgust kuniga qadar ushbu yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan barcha turdagi transport vositalarini harakati vaqtincha to‘xtatiladi”, - deyiladi hokimlik xabarida.