Tojikiston IIV rahbari sayyohlarga qurollangan hujum uyushtirilganini tan oldi

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaning aytishicha, sayyohlarga qasddan qurolli hujum uyushtirilgan
Sputnik

TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Dang‘ara shahrida chet ellik sayyohlarga qurollangan hujum uyushtirilgani to‘g‘risidagi faktni tasdiqladi, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston.

Tojikiston maxsus xizmatlari Rossiyada teraktlar oldini olishga yordam berdi

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, turistlar ustiga mashina bilan bostirib borish holatidan tashqari, takroriy hujum holati ham qayd etilgan. Mashina yosh yigitlarni urib ketgach, jinoyatchilar avtomobil ichidan sakrab chiqib, sayyohlarga pichoq bilan hamla qilishgan.

"Bu sharmandali jinoyat. Uch nafar gumondor hozirda qochib yuribdi. Hozirda bu bilan maxsus tuzilgan guruh shug‘ullanmoqda. Barcha tafsilotlarni aniqlashtirmoqdamiz. Dang‘arada yuz bergan hodisaning to‘liq holati hozircha aniq emas", - deb aytgan Rahimzoda.

Vazirning ta’kidiga ko‘ra, tezkor-surishtiruv tadbirlari natijasida hujum uyushtirganlarning bir nafari o‘ldirilgan, biri qo‘lga olingan va yana uch nafari qidirilmoqda. O‘ldirilgan shaxsning yonidan o‘qotar qurol topilgan, bu esa qolgan jinoyatchilar ham qurollangan bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan fikrni tug‘diradi.

Tojikiston diniy ulamolari nozik mavzuda fatvo e’lon qildi

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon velosayyohlarning halok bo‘lishi munosabati bilan uch mamlakat rahbarlariga o‘z hamdardligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Dang‘ara tumani Sebiston jamoati hududida to‘rt nafar chet ellik sayyohlar halok bo‘ldi. Ularning ikki nafari AQSh, biri Niderland va yana biri Shveysariya fuqarosidir.

Yana uch nafar sayyoh jarohatlangani ma’lum qilinmoqda.

Ayni vaqtda jinoiy guruhning qolgan a’zolarini ushlash bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda. Dastlabki versiyaga ko‘ra, bir guruh chet ellik sayyohlar ustiga Nurek shahridan bo‘lgan 21 yashar Jafariddin Yusufov boshqaruvidagi "DEU Leganza" rusumidagi avtomashina bostirib borgan.

Hodisa yuz berganidan so‘ng mashina voqea joyidan yashiringan, ammo tez orada Dang‘araning Torbuloq qishlog‘i hududidan topilgan.

Tojikiston IIV chet ellik sayyohlarga uyushtirilgan hujum YTH, bosqinchilik hujumi, talonchilik, qotillik va hatto terakt oqibatida yuz bergan bo‘lishi mumkin degan taxminlarni ilgari surmoqda.