TOShKENT, 26-iyul – Sputnik. Venesuela o‘z milliy valyutasini denominatsiya qilib uning kursini Petro nomli kriptovalyutaga bog‘lab qo‘yadi.
“Milliy pul-kredit tizimi islohoti 20-avgusta boshlanadi. Yangi suveren valyuta muomalaga kiritiladi. U Petro kriptovalyutasiga bog‘langan bo‘ladi”, - dedi Venesuela prezidenti Maduro mahalliy telekanal orqali.
Maduro aytishiga qaraganda, milliy valyutaning kriptovalyutaga bog‘lanishi mamlakatdagi “moliyaviy vaziyatni keskin o‘zgartiradi”.
Eslatib o‘tamiz, Venesuelada oxirgi 2-3 yil davomida iqtisodiy krizis va giperinflyatsiya kuzatimoqda. Biroz oldin Xalqaro valyuta fondi yil oxiriga qadar ushbu mamlakatda 1 000 000 % inflyatsiya yuz berishini xabar qilgan edi.
Petro – Venesuelaning milliy kriptovalyutasi bo‘lib, u 2018-yilning 20-fevralida paydo bo‘ldi. 1 Petro qiymati Venesuela neftining 1 barreliga tenglashtirilgan. Milliy valyuta Venesuelaning tabiiy boyliklari – neft, oltin va olmoslar bilan ta’minlangan.
Kriptovalyuta, oltin kabi, cheklangan miqdorda chiqarilishi mumkin. Qog‘oz puldan farqli o‘laroq, hech kim kriptovalyutani o‘z xohishiga qarab, cheksiz miqdorda bosib chiqara olmaydi.
Venesuela rahbariyati kriptovalyutaning aynan shu xususiyati tufayli o‘z milliy valyutasini Petroga bog‘lashga qaror qilgan. Nazariyotda bu mamlakatni giperinflyatsiya va iqtisodiy kasoddan saqlab qolishi mumkin, lekin aslida qanday bo‘lishi 20-avgustdan keyin ma’lum bo‘ladi.