Toshkentda avtomatlashgan jamoat hojatxonalari o‘rnatish rejalashtirilmoqda

Hozirda loyihaning joyini aniqlashtirish va uni ko‘lamini oshirish  bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. Toshkent shahrida tajriba tariqasida Yevropa sifatidagi avtomatlashgan hojatxonalar o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan  ochiq muloqotda TOP BUSINESS kompaniyasi Toshkent shahri hududida Yevropa sifatidagi avtomatlashgan jamoat hojatxonalari tarmog‘ini o‘rnatish va ochish loyihasini taqdim qildi.

Kelgusida shahar markazida tajriba tariqasida o‘nta shunday avtomatlashgan hojatxonalar o‘rnatiladi. Hozirda loyihaning joyini aniqlashtirish va uni ko‘lamini oshirish  bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yaponiyalik turistlarning aksariyat qismi aynan jamoat hojatxonalarining yo‘qligi bois O‘zbekistonga sayohat qilishni  xohlamas ekan.