TOShKENT, 23-iyul - Sputnik. Burilishda yaxlit chiziqni bosish, xavfli joyda orqaga harakatlanish, yo‘l remont bo‘layotgan joyda tez haydash kabi, bir qarashda “arzimagan” ko‘ringan qoidabuzarliklar uchun, Rossiyada haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lish mumkin, deb yozadi Autonews.
Burilishda yaxlit chiziqni bosish
Chap tomonga burilish yoki ortga qaytishda yo‘lning qarama-qarshi tomonlarini ajratib turuvchi yaxlit chiziqni qisman bo‘lsada bosib ketish yo‘l nazorati inspektori tomonidan “yo‘lning qarama – qarshi tomoniga chiqib ketish” deb baholanishi hamda haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishga olib kelishi mumkin.
To‘xtagan avtobusni aylanib o‘tish
Yo‘l chetida avtobuslar to‘xtashi uchun maxsus joylar hamma joyda ham mavjud emas. Ayniqsa shahardan tashqaridagi tor yo‘llarda aksariyat hollarda avtobus ikki taraflama harakatli yo‘lning bir qismini to‘liq berkitgan holda to‘xtab yo‘lovchilarni tushirishi mumkin. Bunday holda avtobusni aylanib o‘tishga harakat qilsangiz – ushbu qoidabuzarlik haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Yo‘ldagi to‘siqni aylanib o‘tish
Yo‘l harakati xavfsizligi qoidasining 1.2 bandiga ko‘ra, faqatgina ayrim turdagi to‘siqlarni aylanib o‘tish uchun yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqishga ruxsat beriladi. Bunday to‘siqlarga yo‘lning o‘tib bo‘lmas darajada buzilishi, yo‘l biror predmet yoki buzilib qolgan transport vositasi bilan to‘sib qolinishi kiradi. Avtomobillar to‘planib qolishi (probka), piyodalar, yo‘ldagi notekislik yoki to‘xtagan avtobus – bunday to‘siqlar toifasiga kirmaydi.
Orqaga harakatlanish
Chorrahalarda, piyodalar yo‘laklarida, tunellarda, ko‘priklarda va estakadalarda va ularning ostida, shuningdek marshrutli transport vositalari to‘xtaydigan joylarda orqaga harakatlanish ta’qiqlanadi. Buning uchun haydovchiga 500 so‘mdan 2500 so‘mgacha jarima solinishi mumkin. Lekin haydovchi bir taraflama harakat uchun mo‘ljallangan yo‘ldan orqaga harakatlansa – bu “yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlanish” deb baholanishi va haydovchilik guvohnomasida mahrum qilishga olib kelishi mumkin.
Yo‘l ta’mirlanayotgan hududlarda tezlikni oshirish
Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarinng eng yangi talqiniga muvofiq, GAI xodimlari yo‘l remonti bo‘layotgan hududlarda tezlikni o‘lchovchi uskunalar o‘rnatishi va katta tezlikda harakatlanayotgan avtomobilchilarni jarimaga tortishlari mumkin. Masalan, avtomobil yo‘l remonti bo‘layotgan hududda cheklangan tezlikdan 60 km/soat tezroq harakatlanganda GAI xodimi haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish haqida qaror qabul qilishi mumkin. Agar ushbu qoidabuzarlik radar yordamida avtomatik ravishda qayd qilinsa haydovchi 5000 rubl miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Avtomobil boshqaruvini mast kishiga topshirish
Avtomobl boshqaruvini mast kishiga topshirish – qonun tomonidan qat’iy ta’qiqlanadi. Ma’muriy javobgarlik kodeksining 12.8 bandiga ko‘ra avtomobil egasi 1,5 yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘lishi va 30 000 rublga jarimaga tortilishi mumkin.
Maxsus transportga yo‘l bermaslik
Maxsus transport deganda tez yordam, o‘t o‘chiruvchi va ichiki ishlar organlarining avtomobillari nazarda tutiladi. Undan tashqari ayrim kuch ishlatish tizimlarining maxsus ranglarga bo‘yalgan avtomobillari ham shular jumlasidan. Ushbu toifadagi avtomobillar favqulodda vaziyatlarda maxsus chiroqlari yoqilgan holda harakatlanganda – ularga yo‘l berish talab qilinadi. Maxsus transportga yo‘l bermagan avtomobil haydovchisi birinchi marotaba 500 rublga jarimaga tortilishi, qoidabuzarlik takroran amalga oshirilganda esa – haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinishi mumkin.