Toshkent IIBB xodimi chernogoriyalik sayyohning hayotini saqlab qoldi

Ma’lum bo‘lishicha, chet ellik sayyohning yuragi bezovta qilib, xuruj tutgan va o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam natijasida kasallikning og‘ir oqibati oldi olindi.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyul - Sputnik. Patrul-post xizmati xodimi serjant Farrux G‘oziyev tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan chernogoriyalik sayyohni kasalxonaga olib borib uning hayotini saqlab qoldi, deb xabar berdi Toshkent ShIIBB matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, serjant Muqimiy ko‘chasidagi bekatda yuragini ushlab o‘tirgan erkakni payqab qoladi. Shu zahoti darrov uning yoniga borib, ahvolini so‘raydi. Erkak undan yordam so‘raydi.

G‘oziyev uni mashinaga o‘tqazib, zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam markaziga yo‘l oladi.

Keyin ma’lum bo‘lishicha, chet ellik sayyohning yuragi bezovta qilib, xuruj tutgan va o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam natijasida kasallikning og‘ir oqibati oldi olindi.