O‘zbekistonda "tonirovka" masalasida qaror qabul qilindi

2018 yil 1-avgustdan qoraytirilgan oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi.
Sputnik

TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi, deb xabar qildi Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanali.

O‘zbekistonda yo‘lovchi tashuvchi transportda videoregistrator o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi

Ushbu qarorga muvofiq:

-  2018-yil 1-avgustdan qoraytirilgan oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi;

-  oynalarni qoraytirish Ichki ishlar vazirligi huzuridagi "Innovatsiya loyihalari va aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish markazi" DUK tomonidan amalga oshiriladi;

-  oynalarni qoraytirish uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX)dan ruxsatnoma (1 yilga beriladi) olish kerak;

-  orqa oynani yorug‘lik o‘tkazuvchanlik besh foizdan kam bo‘lmagan (95 foizga qoraytirish), orqa yon oynalarni yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan (70 foizga qoraytirish) darajada o‘zgartirish mumkin;

-  old oynaning tepa qismini 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanlik 30 foizdan kam bo‘lmagan shaklda o‘zgartirish uchun ruxsatnoma shart emas;

-  xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan yengil avtotransport vositalarini O‘zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSh dollari miqdorida yig‘im undiriladi.

Qoraytirishga ruxsatnoma berganlik uchun to‘lovlar:

- jismoniy shaxslarga eng kam ish haqining 90 baravari (16 587 000 so‘m);

- yuridik shaxslarga eng kam ish haqining 120 baravari (22 116 000 so‘m);

- xorijiy davlatlar yuridik shaxslariga eng kam ish haqining 140 baravari (25 802 000 so‘m).