NATO sammiti Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi yakunlarini qo‘llab-quvvatladi

11-12 iyul kunlari Brussel shahrida Shimoliy Atlantika alyansining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi,
Sputnik

TOShKENT, 16-iyul - Sputnik. NATOga a’zo mamlakatlar mart oyida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi yakunlarini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “Jahon” AA xabar berdi.

Shimoliy Atlantika alyansining navbatdagi sammiti 11-12 iyul kunlari Brussel shahrida bo‘lib o‘tdi, unda tuzilmaga a’zo 29 ta mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.

NATO Afg‘onistondagi maqsadlari haqida bayonot qildi

Sammit qatnashchilari NATOning Afg‘onistondagi “Qat’iy ko‘mak” missiyasi bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Hujjatda joriy yilning 28-fevral kuni o‘tkazilgan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik sohasida hamkorlik yo‘lidagi “Kobul jarayoni” anjumani, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018-yil 26-27 mart kunlari bo‘lib o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuyida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasining natijalari alohida minnatdorlik bilan qayd etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018-yil 22-iyun kuni qabul qilingan Markaziy Osiyo bo‘yicha rezolyutsiyasida ham Toshkent konferensiyasining afg‘on mojarosini uzil-kesil hal qilishda muhimligi alohida ko‘rsatilgan edi.