TOShKENT, 14-iyul - Sputnik. Toshkentda xlor moddasi konteynerida yorilish sodir bo‘lishi natijasida bir kishi vafot etdi, 18 kishi zaharlandi, deb xabar berdi O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.
Vazirlikning bildirishicha, 14-iyul kuni soat 02:30 larda Bektemir tumanidagi sanoat hududida joylashgan korxonalardan birida xlor bilan ishlash jarayonida xlor moddasi konteynerida yorilish sodir bo‘lgan.
"Natijada, 1 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, 18 nafar ishchilar xlor moddasidan zaharlanish tashhisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filialiga joylashtirildi", - deyiladi vazirlik xabarnomasida.
Xabarda aytilishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filialiga yotqizilgan 13 nafar yollanma ishchilar sog‘ligi to‘liq tiklanganligi sababli 14-iyul kuni soat 10:30da uylariga ruxsat berilgan.