Buxoro viloyatida motosikl va skuter ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha qaror tasdiqlandi

Buxoro viloyatida zamonaviy motosikl, velosiped, skuter va nogironlar aravachasi ishlab chiqarishni tashkil etish, bu orqali 100 ga yaqin shaxcni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. 2018-2019 yillarda Buxoro viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanali xabar qildi.

Samarqandda so‘nggi avlod motosikllarini ishlab chiqarish boshlandi

Qarorga muvofiq 2018-2019 yillarda to‘qimachilik, charm-poyabzali, oziq-ovqat, farmatsevtika, mebel va qog‘oz, mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa sohalarda umumiy qiymati 3 322 567 mln so‘mlik loyihalar amalga oshirish orqali 11 683 ta ish o‘rni yaratiladi.

Xususan, Buxoro viloyatida zamonaviy motosikl, velosiped, skuter va nogironlar aravachasi ishlab chiqarishni tashkil etish, bu orqali 100 ga yaqin shaxcni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq O‘zbekiston Xitoy va Hindiston davlatlarining yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda motosikl ishlab chiqaruvchi ikkita zavod ishga tushirishni rejalashtirganligi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, "O‘zavtosanoat” va Janubiy Koreaning DK Group kompaniyasini bilan motosikl va uch g‘ildirakli motoroller ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolangandi.

Ushbu motosikl va motorollerlar uzoq va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashayotgan aholi ehtiyojlarini qondirishi kerak. Bunday texnika yordamida kichik hajmdagi yuklarni ham tashish mumkin bo‘ladi.